⚠️ Diqqat! Sayt test rejimida ishlamoqda.
"Oʻzbekipaksanoat" uyushmasi

Yangiliklar

Telegram

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining rasmiy munosabati

24.09.2026 👁 260

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi sohadagi har qanday asosli e’tiroz va murojaatni o‘rganishga tayyor. Aniq dalillar taqdim etilgan taqdirda, ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va qonunbuzilish holati tasdiqlangan taqdirda, tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

“Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi” tashkilotining Telegram sahifasida O‘zbekistonda pilla yetishtirish jarayoni, pilla yetishtirish hajmlari, shartnomaviy munosabatlar, ipak qurti urug‘lari sifati, fermerlardan pul talab qilinishi hamda pilla uchun to‘lovlar kechiktirilayotgani haqida material e’lon qilingan.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi har qanday murojaatni o‘rganish va mavjud muammolarga huquqiy baho berish tarafdori. Biroq bunda har bir holat aniq hujjatlar, shartnomalar, to‘lov ma’lumotlari va boshqa dalillar asosida baholanishi lozim.

2026-yil mavsumi uchun pillaning tavsiyaviy xarid narxlari oldindan e’lon qilingan

Pilla yetishtiruvchilar manfaatlarini inobatga olib, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan tizim korxonalariga 2026-yil mavsumi uchun tirik pillaning tavsiyaviy, ya’ni minimal xarid narxi bo‘yicha taklif berilgan.

Unga ko‘ra, 1-navli tirik pillaning 1 kilogrammi 62 860 so‘m, 2-navli pillaning 1 kilogrammi 31 890 so‘m va noqobil pilla 20 000 so‘m etib belgilangan.

Shuningdek, navli pilla bo‘yicha o‘rtacha tavsiyaviy narx 48 000 so‘m, navsiz pilla — 8 445 so‘m, qora pacho‘q pilla — 3 995 so‘m etib belgilangan.

Umumiy hisobda, 2026-yil mavsumi uchun tirik pillaning 1 kilogrammiga o‘rtacha tavsiyaviy xarid narxi 40 000 so‘m etib belgilangan.

Shu bois pilla yetishtirish bilan bog‘liq hisob-kitoblarni baholashda mahsulotning navi, sifati, qabul qilingan hajmi va amaldagi shartnoma shartlari inobatga olinishi zarur.

Pilla yetishtirish hajmlari bo‘yicha raqamlar aniq ma’lumotlarga asoslanishi kerak

2026-yil mavsumida respublika bo‘yicha jami 501 812 quti ipak qurti parvarishlanib, 31 149,8 tonna pilla xomashyosi yetishtirildi.

Ayrim hududlar kesimida ham salmoqli hajmda pilla yetishtirilgan.

Jumladan:

— Andijon viloyati Jalaquduq tumanida 4 585 quti ipak qurti kasanachilarga tarqatilib, 276,4 tonna xom pilla yetishtirildi;

— Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 2 317 quti ipak qurti parvarishlanib, 134 tonna xom pilla yetishtirildi;

— Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida 1 667 quti ipak qurti parvarishlanib, 116 tonna xom pilla yetishtirildi.

Shuning uchun muayyan fermer yoki xo‘jalikdagi alohida holatlar asosida butun respublika bo‘yicha pilla yetishtirish ko‘rsatkichlari soxtalashtirilgan, degan xulosaga kelish uchun tegishli tekshiruv va birlamchi hujjatlar bo‘lishi shart.

Hokimliklar tomonidan fermerlardan pul talab qilingani haqida uyushmaga rasmiy murojaat kelib tushmagan

Tarqatilgan materialda ayrim tumanlarda fermerlardan rejada yetmay qolgan har bir kilogramm pilla uchun pul talab qilingani haqida da’volar keltirilgan.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi shuni ma’lum qiladiki, hokimlar yoki hokimlik mas’ullari tomonidan fermerlardan pilla yetishtirish rejasini bajarmagani uchun pul talab qilingani haqida uyushmaga rasmiy murojaat kelib tushmagan.

Uyushma fuqarolar, fermerlar, kasanachilar va boshqa pilla yetishtiruvchilarning murojaatlari bilan muntazam ishlab kelmoqda. Kelib tushayotgan har bir murojaat belgilangan tartibda o‘rganiladi va zaruratga ko‘ra tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda choralar ko‘riladi.

Shu sababli aniq shaxs, sana, joy, summa va tasdiqlovchi hujjatlarsiz keltirilgan da’volarni butun tizimga nisbatan umumlashtirish to‘g‘ri emas.

Agar muayyan hududda bunday holat sodir bo‘lgani haqida aniq dalillar mavjud bo‘lsa, ularni taqdim etish orqali masalani xolisona o‘rganish mumkin.

“20 ming so‘mdan pul undirish” masalasi aniqlashtirilishi lozim

Materialda rejada yetmay qolgan har bir kilogramm pilla uchun 20 ming so‘mdan naqd pul talab qilingani haqida da’volar keltirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, pilla yetishtirishning belgilangan tartibida fermer yoki pilla yetishtiruvchidan “reja bajarilmadi” degan asos bilan avtomatik ravishda har bir kilogramm uchun 20 ming so‘mdan naqd pul undirish mexanizmi mavjud emas.

Agar muayyan hududda shunday pul talab qilingan bo‘lsa, bu holatni aniq shaxslar, pul miqdori, talab qilingan joy, sana va tasdiqlovchi dalillar asosida o‘rganishga tayyormiz.

Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, “rejani bajarish” eskicha ishlash tizimi bo‘lib, Uyushma tomonidan hech qaysi pillachilik klasteriga rejani bajarish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan, bundan keyin ham berilmaydi.

Ipak qurti urug‘lari sifat nazoratidan o‘tkaziladi

Materialda pilla qurtlarining nobud bo‘lishi urug‘lar sifati pastligi bilan bog‘langan.

Ipak qurti urug‘lari mamlakatga olib kirilishidan avval Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va mutaxassislari tomonidan o‘rganiladi.

Keltirilgan har bir partiyadan namuna olinib, urug‘larning biologik ko‘rsatkichlari, jonlanish darajasi, kasalliklarga moyilligi va boshqa xususiyatlari o‘rganiladi. Xususan, joriy yilda ham ushbu amaliyot asosida tekshiruv ishlari olib borildi.

Shu sababli ipak qurti nobud bo‘lgan har bir holatni avtomatik ravishda urug‘ sifati bilan bog‘lash ilmiy jihatdan asoslanmagan xulosa hisoblanadi.

Ipak qurtining rivojlanishiga urug‘dan tashqari ozuqa sifati, harorat, namlik, sanitariya holati, parvarish texnologiyasi, kasalliklar va boshqa agrotexnik omillar ham ta’sir qiladi.

Urug‘ sifati bo‘yicha e’tirozlar esa laboratoriya xulosasi va tegishli mutaxassislar tekshiruvi asosida baholanishi kerak.

Pilla uchun to‘lov, subsidiya va ssuda bir-biridan farq qiladi

Tarqatilgan materialda pilla yetishtiruvchilarga pilla puli to‘lanmayotgani haqida ko‘plab da’volar keltirilgan.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan ayrim murojaatlar o‘rganilganda, pilla uchun to‘lov amalga oshirilganligi, biroq subsidiya yoki ssuda mablag‘lari hali ajratilmagani yuzasidan murojaat qilingani haqidagi holatlar ham aniqlangan.

Bu yerda uchta turli moliyaviy tushunchani bir-biridan ajratish muhim:

— birinchisi — topshirilgan pilla uchun klaster tomonidan amalga oshiriladigan to‘lov;

— ikkinchisi — davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya;

— uchinchisi — ipak qurtini parvarishlash uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilishga ajratiladigan ssuda.

2026-yil 1-apreldan pilla yetishtiruvchilarga klaster tomonidan pilla uchun haqiqatda to‘langan mablag‘ning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratish mexanizmi joriy etilgan. Rasmiy tartibga ko‘ra, ushbu subsidiya pilla uchun klaster to‘lovining o‘rnini bosmaydi, balki amalda to‘langan mablag‘ga nisbatan alohida davlat ko‘magidir.

Shuningdek, kasanachilarga ipak qurtini parvarishlashda zarur asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun 3 yil muddatga belgilangan miqdorda foizsiz ssuda ajratish mexanizmi ham joriy etilgan.

Shuning uchun subsidiya yoki ssuda mablag‘i hali ajratilmagan holatni “pilla puli to‘lanmadi” deb talqin qilish noto‘g‘ri.

Ayrim holatlarda mablag‘ fermerga to‘langan, ammo pilla yetishtiruvchiga yetkazilmagan bo‘lishi mumkin

Pilla yetishtirish jarayonida klaster, fermer xo‘jaligi va bevosita pilla yetishtiruvchi — kasanachi o‘rtasidagi munosabatlarni ham aniq farqlash lozim.

Uyushma tomonidan o‘rganilgan ayrim murojaatlarda pilla uchun mablag‘ tegishli fermer yoki shartnoma tomoniga to‘liq to‘lab berilgani, biroq ushbu mablag‘larning bevosita pilla yetishtiruvchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilmagani natijasida tushunmovchilik kelib chiqqan holatlar ham kuzatilgan.

Bunday vaziyatda “pilla uchun pul berilmadi” degan umumiy xulosa qilishdan avval mablag‘ kimga, qachon va qancha miqdorda to‘langani, keyingi hisob-kitoblar kimning zimmasida ekani aniqlanishi zarur bo‘ladi.

Shartnoma masalasi har bir holat bo‘yicha alohida tekshirilishi lozim

Materialda fermerlar bo‘sh yoki to‘liq to‘ldirilmagan shartnomalarni imzolashga majbur qilingani haqida da’volar keltirilgan.

Agar fermer xo‘jaligiga bo‘sh shartnomaga imzo qo‘yish, shartnoma nusxasi berilmaganligi, uni imzolashga majburlash yoki shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirish holati mavjud bo‘lsa, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish to‘g‘ri hisoblanadi. Sababi, Uyushmada bunday holatlar bo‘yicha murojaatlar mavjud emas.

Uyushma bunday murojaatlarni belgilangan tartibda o‘rganishga tayyor.

“Qo‘shib yozish”, pora va noqonuniy pul talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan hududiy mas’ullar, klasterlar va soha vakillariga pilla yetishtirish va qabul qilish jarayonida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha muntazam ravishda tushuntirish hamda ogohlantirish ishlari olib boriladi.

Xususan, haqiqatda yetishtirilmagan pillani qo‘shib yozish, ishlab chiqarish hajmlarini sun’iy ravishda oshirish, pilla yetishtiruvchilardan noqonuniy pul talab qilish, pora olish yoki boshqa korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ullarga muntazam ravishda ogohlantirishlar berib boriladi.

Uyushma bunday holatlarni oqlamaydi va aniqlangan qonunbuzilishlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Jalaquduq tumanidagi holat bo‘yicha aniq raqamlar bir-biriga qarshi qo‘yilmasligi kerak

Jalaquduq tumanida 2026-yil mavsumida 4 585 quti ipak qurti kasanachilarga tarqatilgan va 276,4 tonna pilla hosili yetishtirilgan.

Shuning uchun ayrim fermerning shaxsiy hosili yoki alohida xo‘jalikdagi natijasidan kelib chiqib, butun tuman yoki respublikadagi pilla yetishtirish ko‘rsatkichlari soxtalashtirilgan, degan xulosaga kelish mumkin emas.

Rasmiy raqamlar bo‘yicha e’tirozlar mavjud bo‘lsa, ular birlamchi qabul-topshirish hujjatlari, hisob-kitoblar va boshqa rasmiy ma’lumotlar asosida tekshirilishi kerak.

Uyushma murojaatlar bilan muntazam ishlab kelmoqda

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi pilla yetishtiruvchilar, fermerlar, kasanachilar va sohaning boshqa ishtirokchilaridan kelib tushadigan murojaatlarni doimiy ravishda ko‘rib chiqadi.

Murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalar joyiga chiqqan holda yoki tegishli hujjatlarni o‘rganish orqali tahlil qilinadi.

Shuningdek, sohadagi mas’ullarga qonunchilik talablariga rioya qilish, aholi va fermerlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish, pora va korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, hisobotlarda haqqoniy ma’lumotlarni aks ettirish bo‘yicha muntazam ravishda ko‘rsatma va ogohlantirishlar berib boriladi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi pilla yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sohada shaffoflikni ta’minlash va har qanday qonunbuzilish holatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish tarafdori.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi sohadagi har qanday asosli e’tiroz va murojaatni o‘rganishga tayyor. Aniq dalillar taqdim etilgan taqdirda, ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va qonunbuzilish holati tasdiqlangan taqdirda, tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

So'nggi yangiliklar