Quturishga qarshi vaksina yaratgan olim ipakchilikni ham qutqarganini bilasizmi?
Flasheriyaga qarshi esa gigiyena, xonalarni yaxshi shamollatish va shubhali partiyalarni karantinga ajratish kabi choralar tavsiya etilgan. Shu tariqa Paster ipakchilikda kasalliklarning tarqalishiga qarshi ilmiy va profilaktik yondashuvni shakllantirdi.
Bugun Lui Paster nomi tilga olinsa, ko‘pchilik birinchi navbatda quturishga qarshi vaksina bilan bog‘liq tarixiy kashfiyotni eslaydi. 1885-yilda Paster va uning hamkasblari quturgan it tishlagan 9 yoshli Jozef Meysterga vaksina qo‘llab, uning hayotini saqlab qolishgan.
Ammo Paster ilmiy merosida ko‘pchilik bilavermaydigan yana bir muhim yo‘nalish bor — bu ipakchilik.
1865-yilda Fransiya ipakchilik sohasi og‘ir inqirozga duch keladi. Ipak qurtlari turli kasalliklar tufayli qirilib, bu holat nafaqat ipakchilik xo‘jaliklariga, balki butun hudud iqtisodiyotiga xavf soladi. Muammo faqat Fransiya bilan cheklanmay, Italiya, Kichik Osiyo va boshqa ipak ishlab chiqaruvchi hududlarga ham tarqalayotgan edi.
Shunday sharoitda Paster ipak qurti kasalliklarini o‘rganishga kirishadi. U asosan pebrina va flasheriya deb atalgan kasalliklarni tadqiq qiladi. Mikroskop yordamida xastalik belgilarini aniqlab, pebrinaning yuqumli va nasldan-naslga o‘tish xususiyatlarini aniqlaydi.
Pasterning eng katta xizmati — kasallikni shunchaki davolash emas, balki uning kelajak avlodga o‘tishining oldini olish usulini yaratganida edi.
Buning uchun kapalaklar alohida saqlanib, tuxum qo‘ygandan so‘ng mikroskop orqali tekshirilgan. Kasallik belgisi aniqlangan kapalaklarning tuxumlari yo‘q qilingan, sog‘lomlari esa keyingi nasl uchun saqlab qolingan.
Flasheriyaga qarshi esa gigiyena, xonalarni yaxshi shamollatish va shubhali partiyalarni karantinga ajratish kabi choralar tavsiya etilgan. Shu tariqa Paster ipakchilikda kasalliklarning tarqalishiga qarshi ilmiy va profilaktik yondashuvni shakllantirdi.
Olimning ipak qurti kasalliklari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari keyinchalik uning insonlardagi yuqumli kasalliklar va vaksinalar ustidagi ishlari uchun muhim ilmiy poydevor bo‘ldi. U aynan shu jarayonda yuqumlilik, irsiyat va kasalliklarning oldini olish masalalarini chuqur o‘zlashtirgan edi.
Vaholanki, Pasterning mutaxassisligi kimyo va mikrobiologiya bo‘lib, u me'mor yoki veterinar emas edi. Shunga qaramay, u o‘z faoliyatining katta bir bosqichini ipakchilikni saqlab qolishga bag‘ishladi.
Shu sababli Lui Paster haqida gap ketganda, faqat quturishga qarshi vaksinani emas, balki uning jahon ipakchilik sanoatini halokatdan qutqarib qolgan bebaho hissasini ham yodga olish adolatdan bo‘ladi.